Yangiliklar

UzAuto Motors ayol xodimlari Dildora Abduraxmonova: “UzAuto Motors – mening faxrim, g’ururim, ertangi kunga ishonch bergan makonim, sevimli kompaniyam”
2023-09-09 01:56:28 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Hozirgi davrda o’zbek ayoli har sohada peshqadam. Uning mavqei, jamiyatda tutgan o’rni har qachongidan yuksaldi. Albatta, ayolning mavqei bilan birga, uning mas’uliyati ham ortib bormoqda. U o’z ustida ishlab, yurt ravnaqiga munosib hissa qo’shish bilan birga, o’z hayotini yanada farovon bo’lishiga intilayapti. Ayniqsa, avtomobil ishlab chiqarish sanoatida erkaklar bilan yelkama-yelka turib ishlash juda katta mas’uliyat va matonat talab qiladi. UzAuto Motors kompaniyasida ayollar o’z vazifalariga sidqidildan yondashib, intiluvchanliklari, tashabbuskorliklari bilan oldingi saflarda bormoqdalar.

Dildora Abduraxmonova (Axmadaliyeva) ham UzAuto Motors avtozavodida salkam 18 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bu paytga qadar Andijon viloyat xotin-qizlar qo’mitasi mutaxassisi, so’ngra O’zXDP viloyat Kengashida sho’ba rahbari bo’lib ishlagan.

 

 

Ayni kunda UzAuto Motors kompaniyasi “Global xarid qilish” boshqarmasida menejer lavozimida faoliyat olib bormoqda. U asosan ijro intizomini nazorat qilish bilan shug’ullanadi, hujjatlar bilan ishlaydi.  O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko’ra, 2017-yil “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni hamda 2022-yil “O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 30 yilligi” ko’krak nishoni sohibasi, ikki farzandning mehribon onasi. Ham ishda, ham oilada o’z vazifasini a’lo darajada bajaradi. O’zi sevgan kasbi bilan shug’ullanib, jamiyatda hurmat qozonib kelmoqda.

Dildora opa ish faoliyati haqida gapirar ekan, “Ish faoliyatimni asosan global xarid qilish boshqarmasida olib borganligim uchun, bu yerda men turli xil millat vakillari, yetkazib beruvchilar bilan muloqot qilaman. Ularning ish olib borish uslublari, tartiblari, dunyo miqyosida qo’llanilayotgan yangi texnologiyalar, yangiliklar bilan tanishaman, o’rganaman, tarjiba almashib malakamni oshirib boraman. Bundan tashqari ularning madaniyati, urf-odatlari va qiziqishlarini o’rganaman”– deya ta’kidladi.

 

Inson borki, hamisha yaxshi niyat ila yashaydi. Ezgu maqsadlari, orzu-istaklarini ro’yobga chiqarish uchun yelib-yuguradi, mehnat qiladi, qiyinchiliklarni yengib o’tadi. Albatta, bularning barchasiga agarda oilada ahillik, hamjihatlik bo’lsa erishish mumkin. Ana shunday muvaffaqiyatlarning asosi, albatta, insonning sabri, irodasi hisoblanadi. Buning uchun turmush o’rtog’idan cheksiz minnatdor ekanligini bildiradi u.

 

UzAuto Motors -mening faxrim, cheksiz minnatdorchiligim sababchisi, g’ururim va ertangi kunga ishonch bergan makonim, sevimli kompaniyamdir! –– deydi Dildora Abduraxmonova.

Tinib-tinchimas qahramonimiz asosiy ishidan tashqari, bo’sh vaqtlarida oilasi davrasida bo’lishni yaxshi ko’radi. Qolaversa, mahallada bo’ladigan tadbirlarda ham faol qatnashadi.

 

Har qanday qilingan mehnatning, mashaqqatning rohati, mukofoti bo’ladi, deganlari bejiz emas. Kasbini hayotining bir bo’lagi deb bilgan Dildora opa “O’zavtosanoat” AJ va korxona rahbariyati shuningdek, kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan bir necha bor faxriy yorliqlar, esdalik sovg’alar bilan taqdirlangan.

 

“Kelajakda farzandlarim kamolini ko’rish, zavodimiz yanada ravnaq topishi uchun o’z hissamni qo’shishni istayman. Qolaversa, kompaniyaga jalb etilayotgan yosh mutaxassislarga o’z tajribam bilan o’rtoqlashmoqchiman. Men ularga o’z ustida yanada ko’proq ishlashlarini, doimo harakatda bo’lib izlanishlari va albatta, mehnatlari, yutuqlari bilan O’zbekistonimiz va kompaniyamiz nomini dunyoga tanitishlarini tilab qolaman” – deya Dildora opa suhbatni yakunlaydi.