Yangiliklar

«UzAuto Motors» AJ xalqaro biznes forumda
2021-05-26 21:15:22 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

2021-yilning 24-26 may kunlari Afg‘oniston delegatsiyasi vakillarining mamlakatimizga tashrifi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi "San’at saroyida" O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlari Biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Forum doirasida tashkil etilgan "Made in Uzbekistan" milliy mahsulotlar ko‘rgazmasida "O‘zavtosanoat" AJ tarkibidagi korxonalar ham faol ishtirok etishdi. Korxona stendida «UzAuto Motors» AJning ichki va tashqi bozorlarda sotuvga qo‘yilgan avtomobillari, UZ Truck & Bus Motors, UzAuto TRAILER va Samarqand avtomobil zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan yuk mashinalari va avtobuslar, shuningdek Jizzax avtomobil zavodining Volkswagen Caddy va ŠKODA rusumli avtomobillar qatori namoyish etildi. Keyingi paytlarda «Made in Uzbekistan” sanoat ko‘rgazmasi o‘zaro savdo aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarib, keng imkoniyatlar maydonini yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Afg‘oniston delegatsiyasi vakillari safida bir guruh tadbirkorlar bilan birga Afg‘oniston Islom Respublikasining Prezidenti Devoni rahbari Muhammad Shokir Korgar, Afg‘oniston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi raisi Ismoil G‘azanfar, Balx viloyati voliysi Muhammad Farhod Azimiy singari martabali mehmonlar tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi, kooperatsiya birjasi hamda “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasida mamlakatimiz viloyatlari va Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan qurilish mollari, elektrotexnika, charm, tekstil sanoati, qishloq xo‘jaligi, avtotransport vositalari va boshqa mahsulotlar, shuningdek milliy hunarmandlik buyumlari keng namoyish etildi.

Mazkur ko‘rgazma doirasida B2B formatida hamkorlik uchrashuvlari o‘tkazilib, muhim kelishuvlarga erishildi.