Yangiliklar

“UzAuto Motors”da “Davriy tibbiy ko’rik - 2022” – xodimlar tibbiy ko’rikdan o’tkazilmoqda
2022-09-17 03:00:11 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“UzAuto Motors” kompaniyasi uchun xodimlarning salomatligi va xavfsizligi birinchi o’rinda turadi. Shuning uchun ham kompaniya xodimlarni sog’lom va samarali ish muhiti bilan ta’minlaydi. Yuqori natijalarga jismonan sog’lom xodimlar bilangina erishiladi.

Shu munosabat bilan “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishchi-xodimlarning sog‘lig‘ini saqlash va salomatligini doimiy ravishda nazorat qilib borish, muammoli kasalliklarni o’rganish, davolash, salomatlikka e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko’rik tashkil etildi. Ayni kunlarda “Qo’rg’ontepa tibbiyot diagnostika markazi” MCHJ tibbiyot muassasasining malakali shifokorlari tomonidan xodimlar sog‘ligining barqarorligini ko‘zdan kechirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika qilish maqsadida 9 xil turdagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda. Xodimlar terapevt, nevrolog, travmatolog xirurg, onkolog, infeksionist, LOR, teri-tanosil va boshqa shu kabi 12 turdagi tor mutaxassisliklar vakillari bilan yuzma-yuz muloqot asosida kerakli maslahat va tavsiyalar olishmoqda.

Asaka avtomobil zavodida 8 500 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi. Tibbiy ko’rik doirasida kun davomida 200 nafarga yaqin ishchi xodim tibbiy tekshiruvlardan o’tkazilmoqda.

Shu o’rinda, malakali tibbiyot xodimlari tomonidan avtomobil zavodi ishchi-xodimlarini muntazam ravishda tibbiy ko’rikdan o’tkazib borish, xodimlar salomatligini doimiy nazoratga olish bilan bir qatorda, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha davolanishi lozim bo‘lgan ishchi-xodimlar tibbiy nazoratga olinadi. Shuningdek, sog‘lomlashtirish dasturiga asosan turli xil sihatgohlarga yuborilib, o‘z vaqtida davolanishlariga erishilmoqda – deb alohida ta’kidlaydi “UzAuto Motors” AJ xodimlarni boshqarish direksiyasi rahbari Ilhom Tairov.

“Bu kabi tibbiy koʼrik anʼanaviy tarzda O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash vazirligining 2012 yil 10 iyuldagi 200-sonli “Xodimlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug’iga asosan har yili oʼtkazib kelinmoqda. Bu oʼz navbatida xodimlarning ham vaqt, ham mablagʼ yoʼqotishlarining oldini olmoqda.” – deydi, kompaniya Tibbiyot boʼlimi boshlig’i A.Rahmonov.  

“UzAuto Motors” kompaniyasi xodimlari sog’lig’ining barqarorligi malakali shifokorlar tomonidan doimiy ravishda tibbiy ko’rikdan o’tkazilishi yuzaga kelishi mumkin bo’lgan kasalliklarni erta aniqlash va vaqtida davolab, oldini olishga o’z hissasini qo’shishiga ishonadi.