Yangiliklar
“UzAuto Motors”da xodimlar boshqaruvini takomillashtirish yuzasidan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bir necha kun avval “UzAuto Motors” AJda xodimlar boshqaruvi direksiyasining statistik tahlil ko‘rsatkichlari muhokamasiga bag‘ishlangan kompaniya bosh direktori, boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda boshqa sohaviy xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Xodimlar boshqaruvi direksiyasi direktor o‘rinbosarining HR-masalalari bo‘yicha tahliliy hisoboti tinglandi. Unda xodimlarning doimiy boshqa lavozimga ishga o‘tish murojaatlari, absentizm, mehnat intizomiga rioya etish, xodimlar qo‘nimsizligi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar ko‘rildi. Shuningdek, HR direksiyasi tomonidan 2023-yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani, xususan, rahbar va ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqotlarning o‘tkazilishi va unda ko‘riladigan murojaatlarning ijobiy hal etilishi kabi bir qancha ma’lumotlar taqdim etildi.
Xususan, yanvar-avgust davrida o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda jami 85 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 73 tasi ijobiy hal etildi, 12 tasi jarayonda amalga oshirilmoqda. Qolaversa, o‘tgan 9 oy davr mobaynida jami 1 045 nafar xodim lavozimlari ko‘tarilgan bo‘lib, shundan 249 nafari muhandislik lavozimidan rahbarlik lavozimlariga o‘tgan. Bundan tashqari, jami 3 231 nafar xodim toifasi ko‘tarilgan.
Yig‘ilish davomida Kun tartibidagi har bir masala atroflicha ko‘rilib, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan tarmoq rahbarlarining fikr va mulohazalari tinglandi.
Tahliliy yig‘ilish yakuniy qismida xodimlar zaxirasini boshqarish va rivojlantirish, shu bilan birga kelajak yetakchilarini tarbiyalash maqsadida salohiyatli yosh kadrlarning “Self presentation” taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda korxonaning yosh yetakchilari o‘tgan davr mobaynida erishgan yutuqlari hamda kelajakdagi maqsadlari bilan chiqish qilishdi.
Ochiq va oshkora muloqot tarzda o‘tgan yig‘ilish so‘nggida ishtirok etgan korxona vakillari xodimlarning asosiy muammolarini hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishdi. Har bir taklif va tashabbus ishchi guruhi tomonidan e’tiborga olinib, ularning ijrosi bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi, tegishli ko‘rsatmalar berildi.