Yangiliklar
Har qanday davlatning avtomobil sanoati mamlakat iqtisodiyotining lokomotivi hisoblanib, unga xalqaro maydonda boshqa mamlakatlarga nisbatan raqobat ustunligiga erishish imkoniyatini beradi.
Avtomobilsozlik sanoati mamlakat aholisini ish bilan ta'minlash bilan birga undagi ilm-fanning rivojlanishiga, erishilgan yutuqlarni va ilg'or texnologiyalarni sanoatga tadbiq qilinishiga hamda sohada malakali kadrlarni yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Avtomobillar xarid qilinishida uzundan uzoq navbatda turishdek salbiy holatlarga chek qo'yilib, sohaga “Halollik vaksinasi” tatbiq etildi va chuqur ildiz otgan korrupsiya illatlariga barham berildi.
Savdo tizimini raqamlashtirish natijasida avtomobillar savdosi shaffofligiga erishildi. Xususan, xaridorlarga sotuvda tayyor turgan avtomobillar bilan tanishish, avtomobilga onlayn buyurtma berish va shartnoma tuzish, onlayn to'lovni amalga oshirish, avtomobilni olish vaqtini va navbatini kuzatib borish imkoniyatlari yaratib berildi.
Sohada raqobatni kuchaytirish maqsadida Jizzax viloyatida eng yirik jahon brendlaridan biri bo’lgan, Germaniyaning Volkswagen avtomobillari ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi.
O'tgan yili sohaning eksport hajmi qariyb 3 barobarga oshgan bo'lsa, joriy yil yana 1,5 barobarga o'sib, avtomobillarimiz Qozog'iston bozorining yetakchisiga aylandi.
Avtomobilsozlikka o'tgan yili 70 mln. AQSh dollaridan ortiq investitsiya jalb qilingan bo'lsa, joriy yilda ushbu ko'rsatkich 100 mln. AQSh dollaridan oshdi.
Shuningdek, o'tgan yil yakuni bilan byudjet va byudjetdan tashqari jamg'armalarga jami 2,6 trln. so'm mablag'lar to'langan bo'lsa, joriy yilda ushbu ko'rsatkich 2 barobarga o'sib, 5 trln. so'mdan ortiq mablag'lar davlat byudjetiga to'lanadi.
Yillar davomida davlat ko'magidan foydalanib kelayotgan ushbu tarmoq, bugungi kunga kelib, mamlakatdagi eng yirik soliq to'lovchilardan biriga aylandi.
Tarmoq korxonalarida SAP korxona resurslarini rejalashtirish tizimini joriy qilinishi, ushbu sohaga tartibli, sifatli va yuqori samaradorlikka ega ishlab chiqarish madaniyatining kirib kelishiga sabab bo'ldi.
«UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarish sifatini yanada yaxshilash va xalqaro standartlarga erishish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
Buning natijasida, 2020 yilning oktyabr oyida AQShning GMI (General Motors International) tashkiloti tomonidan jamiyatning ishlab chiqarish jarayonlari o'rganilib, jamiyatga xalqaro BIQ IV (Built-in quality) sifat darajasi berildi. BIQ IV sifat darajasi o'zida brak mahsulot ishlab chiqarmaslik uchun 29 yo'nalishda ishlarni tashkil etish demakdir.
Jahon tajribasiga asosan har 1000 dona avtomobilda 28 donagacha nuqson chiqishi nazarda tutilgan bo'lib, Jamiyatning ushbu ko'rsatkichi hozirda 15 donani tashkil etadi.
So'nggi yillarda mamlakatda axborot olish erkinligi va kafolatlarining ta'minlanishiga davlatimiz tomonidan alohida e'tibor qaratilmoqda.
Biroq, hozirgi kunda ayrim OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni suiiste'mol qilish holatlari ham kuzatilmoqda.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Maxsus buyurtma” asosida turli bo'hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotganligi, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sirini ko'rsatmoqda.
Birinchidan, bunday xabarlar tarqalishi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida “UzAutoMotors”AJ kunlik tushumini qariyb 30-40 mlrd. so'mga keskin kamayishiga yoxud joriy yilning avgust-sentyabr oylarida belgilangan rejani 562 mlrd. so'mga kam bajarilishiga sabab bo'lgan.
Bunday yo'qotishlar albatta, Jamiyatning mazkur tushumlarga mutanosib ravishda davlat byudjetiga soliq va boshqa ijtimoiy to'lovlar to'lashiga to'sqinlik qilgan.
Mablag' taqchilligi yuzaga kelishi natijasida sentyabr oyida rejalashtirilgan akkreditiv to'lovlari va xorijiy hamkorlarga yo'naltiriladigan to'lovlar oktyabr-noyabr oylarida kechiktirib to'langan.
Ikkinchidan, ushbu xabarlar avtosanoat sohasining investitsiya jozibardorligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Uchinchidan, xorijiy hamkorlar bilan Jamiyatning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizatsiya qilish va aylanma mablag'larini ko'paytirish borasidagi 150 mln. yevro miqdoridagi kelishuvini kechikishiga ham aynan shunday xabarlar sabab bo'lgan.
Yuridik departament direktori
Rustam Shaymardonov