Yangiliklar

UzAuto Motors xodimlari “Mehnat shuxrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi
2022-09-02 18:44:31 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan «Oʼzbekiston Respublikasi mustaqilligining o’ttiz bir yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʼgʼrisida» Prezident farmoniga koʼra “UzAuto Motors” kompaniyasining xodimlari Qambarov Nomonjon Mamajonovich “Mehnat shuhrati” ordeni bilan hamda Jalilov Dilmurod Sotvoldiyevich “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 

 

“UzAuto Motors” kompaniyasi Qambarov Nomonjon va Jalilov Dilmurodni yuksak mukofot sohiblariga aylanganliklari bilan samimiy tabriklab, ularga o’z minnatdorchiligini bildiradi. Ularni eng avvalo, yaqinlashib kelayotgan buyuk bayram - Mustaqilligimizning 31 yilligi bilan tabriklab, kelajakda xizmat faoliyatlarida zafarlar, bundanda yuksak mukofotlarga munosib topilishlarini, shuningdek, sihat-salomatlik, uzoq umr va yaqinlari gʼamxoʼrligi ostida umrguzaronlik qilishlarini tilab qoladi.

 

Qambarov Nomonjon Mamajonovich 1964 yil Andijon viloyatida tug’ilgan. U 1994 yildan buyon “UzAuto Motors” AJda o’z faoliyatini logistika bo’limida havozali kran haydovchisi sifatida boshlagan. 28 yillik ish faoliyatiga ega. O’z faoliyati davomida ko’plab ratsionalizatorlik takliflarini kiritib, shundan bir nechtasini amaliyotga tadbiq etgan. O’z navbatida bu ko’rsatkich yil sayin o’sib bormoqda. Qambarov Nomonjon O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni sifatli va jahon andozalariga mos ravishda bo’lishini ta’minlab, mamlakatimiz avtomobil sanoati rivojiga munosib hissa qo’shib kelayotgan kasb fidoiysi, namunali oila boshlig’i, hamkasblari va mahalladoshlari o’rtasida hurmat qozongan malakali xodim hisoblanadi.

 

Jalilov Dilmurod Sotvoldiyevich 1975 yilda Andijon viloyatida tug’ilgan. Mehnat faoliyatini 1996 yilda Payvandlash tsexi ishchisi lavozimidan boshlagan. Shu kunga qadar turli lavozimlarda faoliyat yuritib kelgan. Shaxsiy sifatlari va mehnatsevarligi tufayli jamoa orasida hurmat qozongan. Shu bilan birga, u avtomobilsozlik sohasini rivojlantirishda zalvarli ishlarni amalga oshirmoqda.Xalqaro darajadagi sertifikatlarning olinishida jonbozlik ko’rsatib, o’ziga yuklatilgan vazifa va ko’rsatmalarni muntazam ravishda a’lo darajada bajarib kelgan. Mehnat faoliyati davomida 50 nafardan ortiq malakali shogirdlar tayyorlashga erishgan.