Yangiliklar

"UzAuto Motors" AJ xalqaro kapital bozorida o’zining ilk xalqaro obligatsiyalari chiqarilishini e’lon qildi
2021-04-22 06:22:09 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

2021 yil 22 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yordamida "UzAuto Motors" AJ ilk bora 300mln. AQSh dollari miqdorida xalqaro obligatsiyalarining chiqarilishi va xalqaro investorlar bilan telekonferensiyalar o'tkazilishi haqida jahon moliya bozori ishtirokchilariga e'lon qildi.

Tashkillashtiruvchi bank-anderrayterlar Citi (AQSh), MUFG (Yaponiya), Natiksis (Fransiya) va Raiffeisen Bank Internationl (Avstriya) kabi xalqaro miqyosda yetakchi banklardan iborat.

"UzAuto Motors" AJ xalqaro obligatsiyalarni chiqarish maqsadida “S&P” va “Fitch” xalqaro reyting agentliklaridan “B+” (‘Barqaror’ kutilma bilan) bahosiga ega bo’ldi.

Shuningdek, joriy yilning 22-27 aprel kunlari xalqaro investorlar uchun telekonferensiya (Global Investor Call) oʼtkazish va “yakkama-yakka” (one-on-one) formatida telekonferensiyalar davom etishi rejalashtirilgan hamda mazkur tadbirlarda bir qator davlatlar xalqaro investorlarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro investorlar qiziqishlari va moliya bozorlarining holatidan kelib chiqib, keyingi kunlarda buyurtmalar kitobi ochilishi va xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkasi belgilanishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2018-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “O’zsanoatqurilishbank” ATB, “O’zmilliybank” AJ va “Ipoteka Bank” ATIB tomonidan xalqaro obligatsiyalar chiqarilib, 2,65 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablag’lar xorijiy investorlardan jalb qilingan.

Mazkur tranzaksiya O’zbekiston Respublikasi korporativ emitentlari orasida chiqarilayotgan birinchi xalqaro obligatsiya hisoblanadi.

Jarayon bo'yicha qo'shimcha axborot berib boriladi.