Yangiliklar
Katta sanoat haftaligining birinchi kunida Rossiya davlatining 260 dan ortiq kompaniyalari, Xitoy, Frantsiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiya va Koreyaning ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ishtirok etmoqda. Koʼrgazmada transport va energetika, IT texnologiyalar, tibbiyot texnologiyalari va farmatsevtika, xususan mamlakatimizning 60 dan ortiq tadbirkorlik subʼektlari vakillari oʼzlarining sanoat mahsulotlari bilan qatnashishmoqda. "Uzauto Motors" kompaniyasi ichki va tashqi bozorlarda sotiladigan avtomobillarning barcha turlarini namoyish etdi.
Rossiya delegatsiyasiga Rossiya federatsiyasining Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov rahbarlik qilmoqda. Tadbir davomida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzakov hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vaziri D.V.Manturov ishtirokida eng dolzarb mavzular boʼyicha ixtisoslashtirilgan sessiyalar oʼtkazildi.
Xalqaro sanoat koʼrgazmasini oʼtkazishdan koʼzlangan maqsad, Markaziy Osiyo bilan biznes hamkorlik asosida faoliyat yuritish hamda eksportni rivojlantirish hisoblanadi. Oʼzbekiston respublikasi sanoat mahsulotlarining, shu jumladan, avtomobillar, uskunalar va butlovchi qismlar, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall va metall buyumlar, yoqilgʼi energetika kompleksi mahsulotlarining muhim importchisi hisoblanadi. Ushbu yirik sanoat koʼrgazmasi haftaligi esa Rossiya kompaniyalari va boshqa xalqaro kompaniyalar uchun Oʼzbekiston Respublikasi bozoriga kirish maydoni boʼlishga moʼljallangan.
Tadbir 5 – 7 aprel kunlari oʼtkazilishi moʼljallangan hamda uning doirasida oʼtkaziladigan sessiyalar, davra suhbatlari, master-klasslar va prezentatsiyalarda xalqaro va mintaqaviy miqyosda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda zamon talablaridan kelib chiqib isloh qilish, tovar va xizmatlarning mintaqaviy hamda xalqaro eksportini qoʼllab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi.