Yangiliklar

UZAUTO MOTORS'DA ONIX BO’YICHA TRENING O’TKAZILDI
2023-01-21 00:22:27 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Kompaniyaning Sotuvdan keyingi xizmat ko’rsatish direksiyasi dilerlik korxonalarining yangi loyihalarga tayyorligini ta’minlash maqsadida har yili ular ishtirokida yig’ilishlar o‘tkazadi.

UzAuto Motors mijozlarga yuqori sifatli texnik xizmat ko‘rsatishni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun dilerlik korxonalarni yangi avtomobil bilan tanishtirish maqsadida maxsus texnik o‘quv mashg‘ulotlarni o’tkazdi.

Treninglarda texnik xizmat ko’rsatish markazlarining rahbarlari, diagnostikachilar, kafolat bo‘yicha muhandislar, motoristlar, elektromontyorlar, savdo agentlari ishtirok etishdi. Shuningdek, UzAuto Motors kompaniyasining rasmiy dilerlik markazlari hamda butun O’zbekiston ichki bozoridagi dilerlik markazlari mutaxassislari taklif etildi.

Mashg’ulot davomida dilerlik korxonasi vakillari yangi Chevrolet Onix 2023 avtomobil modeli bo'yicha barcha zarur ma’lumotlar bilan tanishishdi: xavfsizlik tizimi, uzatmalar qutisi, rul boshqaruvi, tormoz tizimi, kuzovni ta’mirlash, avtomobil elektronikasi parametrlarini o’rganishdi. Olib borilgan barcha o’quv mashg’ulotlar amaliy tarzda bo’lib o’tdi. UzAuto Motors Powertrain dvigatellar zavodi mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga yangi dvigatellarning texnik parametrlari tanishtirildi. Shuningdek, dilerliklar sotuvdan keyingi xizmat ko'rsatish doirasida "Mijozlar haqida qayg'urish" dasturi o'qitiladi. Trening nazariya, amaliyot va olingan ma'lumot hamda ko'nikmalarni mustahkamlash uchun savol-javob tarzida 3 bosqichda olib borildi. Unda umumiy 231 nafar qatnashchi ishtirok etdi.

Ushbu treninglar kompaniya va rasmiy dilerlik markazlari mutaxassislari o'rtasida bilim va tajriba almashishga ko’maklashishda xizmat qiladi. Iste'molchilarga to'g'ridan-to'g'ri xizmat ko'rsatuvchi dilerlarning ochiq masalalarini ko'rib chiqish davom etmoqda, kompaniya va dilerlik markazlari o'rtasida doimiy aloqa o'rnatilmoqda. Bularning barchasi yangi Chevrolet Onix-ga yuqori darajada texnik xizmat ko'rsatish imkonini beradi.

Tadbir yakunida dilerlik korxonalari mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi.