Yangiliklar
2022-yilning 18-iyulida “UzAuto Motors” AJ Asaka shahridagi zavodida Chevrolet Tracker-2023 avtomobilini ishlab chiqarishni boshladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mashinasozlik tarmog’ini transformatsiya qilish bo’yicha bergan topshirig’iga binoan kompaniyaning ushbu avtomobilni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati rivojida yangi qadam bo‘ldi, chunki O‘zbekistonda birinchi marta krossoverlar to‘liq siklda ishlab chiqarila boshlandi.
O’zbekiston, Xitoy va Braziliyadan keyin eksport bozorlarida eng talabgir, Braziliya, Meksika va Filippinda eng ko’p sotiladigan krossover Chevrolet Tracker-2023 avtomobilini ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan uchinchi mamlakatga aylandi. Avtomobilni GM GEM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Bu Asaka avtomobil zavodini modernizatsiya qilish va mahalliy yetkazib beruvchi hamkorlar tomonidan ishlab chiqarishga yo’naltirilgan sarmoyalar tufayli amalga oshirildi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 620 million dollardan ortiq.
O’zbekiston Respublikasi rahbarining topshirig’iga binoan kompaniyaning boshqaruv va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich o’zgartirish ishlari doirasida, yagona platformadagi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish amalga oshirildi. Ushbu bosqichda platformaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 000 dona Chevrolet Tracker avtomobilini tashkil etadi.
Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida Asaka zavodida lazer va plazmali payvandlash, kuzovni lazer bilan o'lchash kabi yangi texnologiyalar o’zlashtirildi, shuningdek, zavod va butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilarda ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors Powertrain zavodida Chevrolet Tracker avtomobillarini jihozlashda foydalaniladigan zamonaviy va tejamkor 1,2 hajmli, uch silindrli CSS Prime turbodvigatellarni ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Yangi dvigatel Xitoydan olib kelinadigan 125 ot kuchiga ega Tracker avtomobillari dvigatelidan kuchliroqdir. Yangi Tracker quvvati 132 ot kuchiga ega.
Mahalliylashtirish darajasini yanada oshirish maqsadida ayni paytda yangi zavodlar qurish va plastik yonilg'i baklari, rul kamarlari, rezina qistirmalari, quyma temir qismlari, issiq shtamplash qismlari va boshqa butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo'yicha yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish dasturi faol amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturni amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, GM GEM platformasi asosida bir nechta modellarni ishlab chiqarishni shuningdek, investitsiyalar hajmini optimallashtirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda mahalliylashtirish darajasini 60 foizdan oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, UzAuto Motorsning Asaka shahridagi zavodida yangi platformani joriy etish dasturini amalga oshirish va Chevrolet Tracker 2023 modelini ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish uchun qo’shimcha tarzda yana 500 nafarga yaqin xorijiy mutaxassislar jalb qilindi.
Birinchi bosqichda Chevrolet Tracker 3 ta asosiy: LS, LT va Premier komplektatsiyalarda ishlab chiqariladi. Avtomobillar sotuvi joriy yilning 30 avgust sanasidan boshlanishi rejalashtirilgan.
Marosimni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Bobir Islomov o'zining tantanali nutqi bilan ochib berdi. Shuningdek, “O’zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov ham mehmonlar oldida so’zga chiqib, butun sanoat xodimlarini yangi model ishlab chiqarilishining boshlanganligi bilan tabrikladi.
“Bugun biz barchamiz tarixiy va unutilmas voqeaning guvohi bo’ldik – “UzAuto Motors” kompaniyasi Chevrolet Tracker zamonaviy avtomobilini to’liq silkda ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi. Bu faqat boshlanishi. Kompaniya bundan buyon avtomobillar qatorini zamonaviy va talabgir avtomobillar bilan to’ldiradi. Bularning barchasi mamlakatimiz rahbariyati va General Motors kompaniyasining har tomonlama ko’magi hamda butun sanoat xodimlarining, jumladan, “O’zavtosanoat”, “UzAuto Motors” AJ, mahalliylashtirish korxonalari va ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishda ishtirok etayotgan boshqa ko’plab tarkibiy korxona xodimlarining qo’llab quvvatlashi tufayli amalga oshirildi”, – deya ta’kidladi “O’zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov.
GM International global ta'minot va ta'minot tizimi vitse-prezidenti Jonni Saldana o'z nutqida, General Motors rahbariyati nomidan jamoani yangi model ishlab chiqarishni boshlaganligi bilan tabrikladi.
«Chevrolet Tracker 2023-yil modeli ishlab chiqarilishini yo’lga qo’yish – O'zbekistonda va yana, komponentlarning katta qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoplanadigan, O’zbekiston va MDH bozorlarida sotiladigan GEM platformasida yangi avlod avtomobillari ishlab chiqarilishining boshlanishidir. Alyans doirasida, biz GEM Tracker-ni o'z vaqtida va benuqson ishga tushirishni ta'minlashda texnik tomondan ko’maklashishdan hamda tajribamiz bilan o'rtoqlashish imkoniyatidan mamnunmiz. Biz keyinchalik ham ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishda ko’maklashishda davom etamiz”, – dedi GM International global xarid va ta’minot zanjiri vitse-prezidenti Jonni Saldana.
Tantanali marosimda ishtirok etgan mehmonlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish bilan birga, avtomobilning texnik xususiyatlarini o'rganish imkoniga ega bo'lishdi, so'ngra ular uchun test-drayv tashkil etildi. Ishtirokchilar yangi Tracker-ning barcha afzalliklarini sinab ko'rish imkoniga ega bo’lishdi.
E’tiborlisi, yangi avtomobil modelini ishlab chiqarishni boshlash kompaniyaning 19-iyul kuni 26-yoshga to’lishini nishonlash arafasida sodir bo’ldi va O'zbekiston avtomobil ixlosmandlari uchun korxona jamoasidan o'ziga xos mehnat sovg'asiga aylandi.
Chevrolet Tracker-2023
Chevrolet Tracker ixcham krossoveri iste’molchi talablarining eng muhim sifatlarni: zamonaviy dizayn, xavfsizlik, qulaylik, samaradorlik va tejamkorlikni o’zida mujassam etgan.
Chevrolet Tracker-2023 sport krossoveri o‘zining zamonaviy tashqi ko‘rinishi hamda ichki salon interyeri bilan, GM tomonidan ishlab chiqarilgan CSS Prime tejamkor dvigateli, shuningdek, intelektual funksiyalar bilan ulanish va xavfsizligi bilan ajralib turadi.
L shaklidagi LED yoritgichli kunduzgi chiroqlar zamonaviylik va xavfsizlikni yanada oshiradi. Panoramali lyuk Tracker salonida kenglik va erkinlik tuyg’usini yaratadi.
Chevrolet Tracker-2023 interyeri zamonaviy ko’rinish va betakror uslubga ega bo’lgan yuqori texnologiyali, dinamik va tejamkor avtomobil ekanligi bilan ham ajralib turadi.
Yangi uslubdagi qulay o’rindiqlari uzoq safarlarda ham charchoq hissini bildirmaydi.
Zamonaviy texnik xususiyatlar avtomobilni boshqarishda yanada zavq bag'ishlaydi.
Chevrolet Tracker-2023 texnik xususiyatlarining muhim jihatlari quyidagilardan iborat:
- 1,2 hajmli, aylanma harakatda 190 Nm va 97 kW quvvatga ega zamonaviy uch silindrli CSS Prime turbomotor;
- 6-pog'onali avtomatik uzatmalar qutisi;
- aralash silkda tejamkor yoqilg'i sarfi 6,9 l/100 km, shahar tashqarisidagi yo’lda harakatlanish- 5,6 l/100 km;
- xavfsizlikni ta'minlash tizimi (past tezlikda avtomatik tormozlash, ko’rinishi cheklangan joylar monitoringi, faol favqulodda tormozlash, oldinda turgan to'siqlar haqida ogohlantiruvchi signalizatsiya, yarimavtomat (parallel) to'xtash tizimi;
- haroratni avtomatik nazorat qiluvchi tizim (Klimat kontrol);
- kruiz-kontrol;
- kalitsiz salonga kirish va dvigatelni ishga tushirish;
- charmdan rul qoplami;
- elektr mexanizmga ega haydovchi o'rindig'i;
- eko-charmdan o'rindiqlar qoplamalari;
- simsiz zaryadlash;
- to'liq svetodiod optikasi va LED orqa gabarit chiroqlar va h.k.