Yangiliklar
Xabaringiz bor, 30-iyun kuni Oʻzbekistonda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Respublika boʻylab joylarda turli sport musobaqalari tashkillashtirilmoqda. Jumaladan, 20-22-iyun kunlari “UzAuto Motors”ning Asaka avtozavodida yosh xodimlar oʻrtasida sport musobaqalari boʻlib oʻtdi.
Mazkur musobaqa 3 bosqichdan iborat boʻlib, yosh xodimlar sportning armrestling, kibersport (Cybersport) turlari hamda “VODIY QUIZ” yoʻnalishlari boʻyicha bellashishadi.
Kecha start olgan musobaqada yosh xodimlar sportning armrestling va kiber sport turida faollik bilan qatnashib, oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishdi.
Armrestling boʻyicha chempionlarni aniqlash uchun 50 nafardan ziyod xodimlar ishtirokida saralash bosqichi oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar oʻng va chap qoʻllarda uch vazn toifasida oʻzaro kuch sinashdilar. Ulardan 11 nafari finalga yetib keldi.
Shunday qilib, 65 kg gacha boʻlgan vazn toifasida 4 nafar, 75 kg gacha boʻlgan vazn toifasidagi 3 nafar hamda 85 kg gacha boʻlgan vazn toifasida 4 nafar ishtirokchilar finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.
Musobaqa ishtirokchilaridan biri Xamidjonov Shukurullo taʻkidlaganidek, bugun kuch va mahoratni namoyon qilishda halol kurash boʻldi. Bugungi musobaqa bizga juda koʻp narsalarni oʻrgatibgina qolmay, tajriba ham berdi, har bir xodim qoʻlidan kelgancha harakat qildi.
Armrestling bilan parallel ravishda kibersport turlari boʻyicha saralash turnirlari boʻlib oʻtdi. Yigitlar CS:GO kibersport yoʻnalishida jamoaviy turnirda Counter-Strike boʻyicha oʻyinlarda bellashdilar. Eng yaxshi ekanligini isbotlab, saralashdan oʻtishdi.
“Armrestling bahslari uchun 50 nafardan ortiq yoshlar qiziqish bildirishgan. Kibersport yoʻnalishi boʻyicha 5 nafar ishtirokchidan iborat 27 ta jamoa tuzildi, intelektual oʻyinda esa 8 nafar xodimlardan iborat 17 ta jamoa oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrib bellashadi.” – deydi, “UzAuto Motors” AJ Xodimlar boshqaruvi direksiyasi boʻlimi boshligʻi Jahongir Hamidov.
Shuningdek, joriy yilning 22-iyun kuni iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intelektual oʻyinlarga keng jalb qilish maqsadida “VODIY QUIZ” oʻyini boʻlib oʻtadi.
Qolaversa, korxona rivoji yoʻlida oʻz hissasini qoʻshib, ishlab chiqarish xarajatlarini tejash imkonini beradigan, iqtisodiy samara keltiradigan Kayzen taklifni kiritib, uni amalga oshirgan yoshlar uchun pul mukofoti berilmoqda.
Qayd etish lozimki, bayramona kayfiyatda tashkil etilgan ushbu musobaqalar ishlab chiqarish sanoatidagi minglab yoshlarni birlashtira oldi.
Maʻlumot uchun, “UzAuto Motors” jamoasining 65%ga yaqinini yoshlar tashkil etadi. Korxonada ular uchun barcha shart-sharoitlar, imkoniyatlar va qulayliklar yaratilgan.
Report content on this page