Yangiliklar
“UzAuto Motors” kompaniyasi o‘z mijozlarini yana bir bor ogoh va hushyor bo‘lishga chaqiradi va uchinchi shaxslar tomonidan to‘lov qilinmagan avtomobil shartnomalarini “sotib olmasliklarini” so‘raydi.
Eslatib o‘tamiz, shartnomani boshqa shaxsga qayta rasmiylashtirish mumkin emas – xarid qilingan avtomobil faqat shartnomada dastlab ko‘rsatilgan shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Agar siz bunday shartnomalarni “sotib olsangiz”, keyinchalik avtomobil sizga qayta rasmiylashtirilmasligining xavfi yuqori. Qolaversa, agar avtomobil egasining yaqin qarindoshlari (turmush o‘rtog‘i, farzandlari) sotishga ruxsat berishdan bosh tortgan taqdirda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi.
Bunday kelishuvlarda sizdan shuningdek avtomobil uchun to’liq to’lov qilish kerakligini ham talab qilishlari mumkinligini inobatga olsak, siz bu bilan nafaqat shartnoma uchun "mukofot"ni, balki shartnoma uchun qilingan butun to‘lov summasini yo‘qotishga tavakkal qilasiz. Agar siz bunday kelishuvlar ishtirokchisi bo‘lsangiz, UzAuto Motors xaridor oldida hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.
Shuningdek, “UzAuto Motors” kompaniyasi xaridorlar tomonidan “sotuvga” joylanayotgan shartnomalar monitoringini olib bormoqda. Ularning maxsus ma’lumotlar bazasini shakllantiradi.
Agar siz bunday takliflar aynan kompaniya yoki dilerlik markazi vakillari tomonidan bildirilganligining guvohi bo‘lsangiz, tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun kompaniyaning Call-markaziga +99878 141-77-77 yoki info@uzautomotors.com elektron pochta manziliga murojaat qilishingizni so‘raymiz.