Yangiliklar

Mahalliylashtirish jarayonini rivojlantirish va o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun Xorazm viloyatida “Investorlar va tadbirkorlar uchun avtomobil import qismlarini mahalliylashtirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi
2021-09-30 01:06:00 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

«UzAuto Motors» AJ Xorazm viloyati filialida ishlab chiqarilayotgan “Damas” rusumli avtomobili 964 ta butlovchi qismdan iborat bo‘lib, shundan bugungi kunda 448 ta butlovchi qismi import qilinadi. “Labo” rusumli avtomobili 716 ta butlovchi qismdan, 535 ta butlovchi qismi importdan kelmoqda.

Xorazm viloyatida joylashgan 30 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchilar va qo‘shma korxonalar tomonidan jami 244 ta butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda, 294 ta butlovchi qismlar esa respublikamizning boshqa viloyatlarida ishlab chiqarilib, Xorazmga yetkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo’shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4397 sonli qaroriga asosan, 2019-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri sifatida yengil avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini o‘rta hisobda 60 foizgacha yetkazish belgilangan.

Mahalliylashtirish jarayonini rivojlantirish va o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish maqsadida, joriy yilning 24-sentabr sanasida «Uzavtosanoat» AJ qoshidagi «Cooperation Lab» platformasi va “UzAuto Motors” AJ qoshidagi o‘quv-ishlab chiqarish injiniring markazi, Xorazm viloyat hokimiyati va «UzAuto Motors» AJ Xorazm viloyat filiali bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan “Investorlar va tadbirkorlar uchun avtomobil import qismlarini mahalliylashtirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan seminar davomida ishtirokchilar e’tiboriga shu kunda “Damas” va “Labo” rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish uchun import bo‘lib kelayotgan barcha butlovchi qismlarning namunalari havola qilindi. Mahalliy tadbirkorlar har bir import bo‘lib kelayotgan avtomobil butlovchi qismlarini o‘zlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaqindan o‘rganishdi.

Shuningdek, tadbirda kooperatsiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining qarorlari bilan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, berilgan imtiyoz va imkoniyatlari, «UzAuto Motors» AJ bilan ishlash standartlari va talablari, «Uzavtosanoat» AJ tizimidagi xususiylashtirishga tayyor qo‘shma korxonalar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar malakali mutaxassislarning taqdimotlari orqali tanishtirildi.

Xususan, investor va tadbirkorlarga qanday qilib «UzAuto Motors» AJ Xorazm filiali ta’minotchisiga aylanishi mumkinligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berildi.

Seminarda Xorazm viloyatida faoliyat olib borayotgan mahalliylashtirish loyihalarida qatnashishni rejalashtirayotgan, hamda hozirgi kunda «Uzavtosanoat» AJ tizimidagi korxonalar bilan hamkorlik qilayotgan 150 ga yaqin tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchi korxonalar, faol yoshlar va investorlar qatnashdi.

Tadbirni Xorazm viloyat hokimiyati mahalliy sanoatni rivojlantirish bo’yicha hokim maslahatchisi Kamoliddin Atajanov, «UzAuto Motors» AJ Xorazm filiali boshqaruvchi direktori Sabir Jumaniyozov va “Cooperation Lab” rahbari Dilmurad Yunusov kirish so‘z bilan ochib berishdi. Tadbirni “Cooperation Lab” lokalizatsiya va rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Qandiyor Asadov olib bordi.

Ma’ruzalar tugagach lokalizatsiya, ta’minotchilar standartlari, tegishli davlat imtiyozlari va tadbir doirasida mavzuga doir boshqa masalalar bo‘yicha savol-javob qismiga navbat berildi.

Seminar “UzAuto Motors” AJ Xorazm filialining yangi qurilgan presslash sexida bo‘lib o‘tdi. Seminar so‘ngida tadbirkorlar avtomobil zavodining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar va lokalizatsiyaga qiziqqan korxona rahbarlari va tadbirkorlar “Cooperation Lab” vakillari bilan muzokoralar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.