Yangiliklar
Kecha UzAuto Motors Powertrain motor zavodida (Toshkent) tantanali tarzda yangi ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi. Bu voqeani O‘zbekiston avtomobilsozligidagi muhim hodisalardan biri deb atash mumkin. Zavodda yangi dvigatellar oilasiga mansub CSS Prime ishlab chiqariladi.
Yangi dvigatellar Asakadagi UzAuto Motors zavodida ishlab chiqariluvchi Chevrolet Onix va Chevrolet Tracker avtomobillariga o‘rnatiladi.
Bugungi kunda UzAuto Motors Powertrain - MDHdagi ichki yonuv dvigatellarini ham bir joyda quyib ham yig‘ishga mo‘ljallangan yagona zavod. O’zbekistonda sanoat chiqindi suvlarini teskari osmos usulida chuqur tozalash tizimidan foydalanadigan bitta-yu bitta zavoddir.
Ishlab chiqarish liniyasidan unchalik uzoq bo‘lmagan masofada ishga tushirish timsoli sifatida qo‘yilgan tugma o‘rnatildi. Tadbir mehmonlari Chevrolet Onix va Chevrolet Tracker avtomobillarini ishlab chiqarilishi bilan tanishishi va ko‘rgazma uchun qo‘yilgan dvigatellarni turli burchaklaridan kuzatishlari mumkin edi.
Taklif qilingan yetakchi OAV vakillari, blogerlar va zavod hamkorlari katta qiziqish bilan ushbu liniyani ishga tushirilishi haqidagi kichik filmni tomosha qilishdi.
Tugmani bosish imkoniyati korxonaning Boshqaruv direktori Saidazim Gʻulomov va poytaxtning Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovga taqdim etildi. Tadbirga so‘zga chiqqan hokim bu zavodning mamlakatimiz uchun muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi: - Bizning mutaxassislarimiz ham zamonaviy yangi dvigatellarni ishlab chiqarishi insonga g‘urur bag‘ishlaydi. Bizning mamlakatimiz xalqaro brendlarni yurtimizga qiziqishini oshirish, mahalliylashtirishni kengaytirishni ustuvor maslalalardan biri deb biladi va bu zavodning ochilishi ushbu sohani rivoj topayotganini yorqin misolidir.
Loyiha rahbarlaridan biri hisoblangan Saidazim Gʻulomov so‘zga chiqar ekan, bu zavodni kichik muddatlarda ishga tushirishda jonbozlik ko‘rsatgan mutaxassislarga o‘z minnatdorchiligini izxor etdi. Bundan tashqari Gʻulomov, kompaniya asosiy e’tiborini inson resursiga va hodimlar malakasini doimiy rivojlantirishga qaratishiga alohida urg‘u berdi.
Yangi liniyada ishlaydigan korxona mutaxassislari: GROB, ADT, HOUSEN, FINE, HEXAGON kabi zavod liniyasidagi uskunalarning ishlab chiqaruvchilari treninglarida qatnashdi. Bundan tashqari, mutaxassislar GMS bo‘yicha ham treningda qatnashgan. (GMS - General Motorsning xalqaro ishlab chiqarish tizimi)
Bu dvigatellarning o‘ziga xos xususiyatlari - ular kuchli texnologiyalashtirilganligi, yoqilg‘ini kam sarflashi va turbinalarga ega ekanligi.
Bu dvigatellar UzAuto Motors Powertrain zavodida to‘liq yig‘iladi, shu sababli, Onix va Tracker avtomobillarini umumiy lokalizatsiyasi foizlari ortishiga olib keladi.
Dvigatellar ikki turda ishlab chiqariladi, atmosferali dvigatel CSS Prime 1.2 LIF, quvvati 66 kVt (89 l\s) va turbonadduvli CSS Prime 1.2 L4H, quvvati 97 kVt (131 l\s).
CSS Prime liniyasini ishlab chiqarish uchun ajratilgan investitsiya miqdori 190 million dollarni tashkil etadi.
Liniya ishga tushgach zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga taxminan 400 000 donani tashkil etadi. (190 000 CSS Prime dvigatellari bilan) CSS Prime dvigatellarini terish liniyasining qurish ishlari 2022-yil yanvar oyida boshlangan edi. Liniyaning to‘liq ishga tushirish uchun bir yildan kamroq vaqt yetarli bo‘ldi.
Yangi liniya Fransiya, Germaniya, Xitoy va Koreya davlatlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilariga tegishli uskunalardan tashkil topgan bo‘lib, 55%i robotlashtirilgan.
Ushbu zavod 2008-yilda qurilishi boshlangan bo‘lib, undan ilk dvigatel 2011-yilda chiqqan.
Ayni damda zavodda 1300 nafarga yaqin xodim ishlamoqda.
Yangi dvigatellar xavfsizlik, ishonchli va ekologik hususiyatlari bo‘yicha barcha talablarga javob beradi.