Yarimoʼtkazgichlar

YARIMO‘TKAZGICHLAR YETISHMOVCHILIGINING DUNYODAGI ENG YIRIK AVTOMOBIL ISHLAB CHIQARUVCHILARGA TAʼSIRI
2021-08-01 10:16:25 Yarimoʼtkazgichlar
 
                          Yarimoʼtkazgichlar

Mikrosxemalarning global yetishmovchiligi avtomobil ishlab chiqaruvchilarga sezilarli taʼsirini o‘tkazdi. Dunyoning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari 2021 yil boshidan ishlab chiqarishni qisqartirish kerakligi haqida eʼlon qilishgan. Muammolar  bilan Nissan, Honda, Ford, Fiat Chrysler, Volkswagen, Suzuki, Subaru  kompaniyalari yuzma-yuz kelishdi. Hattoki,  “Vedomosti” nashrining manbalarga tayanib xabar berishicha,  AvtoVAZ kompaniyasi mikrosxemalarning yetishmovchiligi sababli, iyun oyidan boshlab o‘z avtomobil modellarini radiomagnitolasiz hamda multimediaviy rulsiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Lada Vesta, Xray va Largus modellari uchun  «Komfort layt»  komplektatsiyasi taklif etilib, unda multimedia tizimi va kruiz nazorati bilan ishlaydigan ko‘p funksiyali rul bo‘lmasligini maʼlum qildi. 2021 yilda avtomobil ishlab chiqaruvchilari 110 mlrd dollardan ko‘proq zarar ko‘rishi tahmin qilinmoqda. AUTO-Consulting axborot-tahliliy guruhi maʼlumotiga ko‘ra, Nissan chiplar yetishmovchiligi sababli sezilarli darajada ishlab chiqarishni qisqartirishiga olib keldi. Kompaniya yil uchun rejadagi avtomobillarning 500 000 tasini  ishlab chiqarmasligini maʼlum qilgan. Yaponiyaning Oppama zavodida Note modeli ishlab chiqarilishini 3 baravarga 15 ming donadan 5 ming donagacha qisqartirdi.

Mikrochiplar yetishmovchiligi Mercedes-Benz,  BMW hamda Jaguar Land Rover ham chetlab o‘tmadi. Www.caradvice.com au saytining keltirishicha, nemis avtomobili BMW tanqislik sababli  30 000 ga yaqin ishlab chiqarish o‘rinlarini yo‘qotgan. Natijada BMW va Mercedes-Benz Avtraliyaga yetkaziladigan avtomobil modellarining baʼzilaridan ilg‘or texnologiyali zamonaviy xavfsizlik tizimlarini yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi nihoyasiga yetmaguncha olib tashladi.  Mercedes-Benz Australia kompaniyasining vakili o‘z bayonotida– yarimo‘tkazgichlar (kompyuter chiplari) yetishmovchiligi sababli, A-toifali, V-toifali, CLA, GLA va GLB avtomobillaridagi Pre-Safe ilg‘or xavfsizlik texnologiyasiga taʼsirini ko‘rsatganligini taʼkidlab o‘tdi. “Ushbu avtomobillar uchun Pre-Safe tizimi ayni paytda buyurtma uchun mavjud emas va biz ishlab chiqarish darajasida o‘zgarishni aytib berolmaymiz”–  deb taʼkidladi.

Avtomobillarda turli xil zamonaviy tizimlarning ishlashi uchun bir nechta chiplar kerak bo‘ladi. Birgina mikrosxemaning yo‘qligi butun bir ishlab chiqarish liniyasini to‘xtatishga olib keladi.